Pokiston O'zbekistonda transport va logistika biznesi vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda
3-avgust, Toshkent

O'zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov Pokistonning TCS yirik transport-logistika kompaniyasi vakili Xolid Avan bilan uchrashdi, "Kabar" agentligiga havola keltirib "Trend" xabar bermoqda.
Uchrashuvda transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, O'zbekistondan Pokiston orqali xalqaro dengiz portlariga olib boruvchi transport koridori bo'ylab barqaror yuk oqimlarini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston tomoni O'zbekiston Respublikasining xalqaro transport yo'laklarini diversifikatsiya qilish, mintaqaning tranzit salohiyatini yaxshilash, janubiy yo'nalish bo'yicha Pokistonga/Pokistondan xavfsiz va barqaror yuk tashishni yo'lga qo'yish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi.

Xolid Avan O'zbekistonda doimiy faoliyat yuritish va mintaqadan yuk tashishni tashkil etish maqsadida O'zbekistonda TCS vakolatxonasini ochish niyati borligini ma'lum qildi.

Shu bilan birga, Xolid Avan hamkorlik doirasida TCS o'zbekistonlik talabalarni Pokistondagi oliy ta'lim muassasalarida transport va logistika yo'nalishida o'qitishni tashkil etishda moliyaviy yordam ko'rsatishini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha tomonlar O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va yuk tashish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy sa'y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.