O'zbekiston Luvrda o'zining boy madaniy merosini namoyish etadi
2022-yil 11-dekabr, Parij

Dailysabah
Fransiyaning Luvr muzeyida namoyish etila boshlangan 150 dan ortiq tarixiy ashyolar O'zbekistonning 2000 yillik tarixini aks ettiradi, deb yozadi Turkiyaning Dailysabah nashri.
Luvr muzeyida XVIII-asrga oid noyob Qurʼon parchalaridan tortib Budda haykaligacha boʻlgan oʻnlab eksponatlar Oʻzbekistonning Yevropadagi asosiy belgisiga aylanib, mamlakatning boy madaniyatini ochib beradi.

Ayni kunlarda dunyodagi eng buyuk san'at ibodatxonasi – Fransiyaning Luvr muzeyida O'zbekistonning boy madaniy merosiga bag'ishlangan ikkita yirik ko'rgazma - "O'zbekiston vohalarining ulug'vorligi: karvon yo'llari chorrahasida" ko'rgazmasi bo'lib o'tsa, Arab dunyosi instituti ham "Samarqandga yo'l: ipak va oltin mo'jizalari" nomli ko'rgazmani namoyish etmoqda.


Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ko'rgazma markazlari tashrif buyuruvchilar uchun o'z eshiklarini ochdi.

Ko'rgazmalar butun dunyoda, ayniqsa, G'arbda O'zbekistonga, uning iqtisodiyoti va madaniyatiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Madaniy loyiha Mirziyoyev tomonidan 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga ilk tashrifi chog'ida taklif etilgan edi. Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) davlatlari orasida mazkur tadbirga o'xshashi yo'q.