La Tribune: O'zbekiston va Yevropa iqtisodiy aloqalarni faollashtirishmoqda
2022 yil 16 mart| Parij

Yaqin Sharq bo'yicha taniqli fransuz tadqiqotchisi Sebastyan Bussuaning O'zbekiston haqidagi maqolasi chop etildi. Unda u respublika bir qator islohotlar va energetika sohasini liberallashtirish orqali o'z iqtisodiyotini modernizatsiya qilmoqda, bu esa uni yevropalik investorlar uchun qiziqarli qilishini yozadi. Uz30.media tahririyati La Tribune materialining erkin tarjimasini taqdim etadi.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari orasida O'zbekiston subkontinentning asosiy "ajdar"iga aylanish imkoniyatiga ega. 1991-yilda mustaqillikka erishgan sobiq Ittifoq respublikasi ulkan iqtisodiy rivojlanish siyosati bilan o'z modernizatsiyasining yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. Afg'oniston va Qozog'iston o'rtasidagi strategik muhim va beqaror mintaqaning markazida joylashgan O'zbekiston, eng avvalo, barqarorlikga intiladi. Hukumatning asosiy maqsadi mamlakatni daromadi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga bosqichma-bosqich koʻtarishdir.

Rasmiylar kelgusi besh yil ichida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 60 foizga oshirishni, 2023-yilga borib inflyatsiyani 5 foizga kamaytirishni, shuningdek, fuqarolarning daromadlarini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadlarga erishish yo'lida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, eng avvalo, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini erkinlashtirish va xususiylashtirish, erkin raqobatni yo'lga qo'yish, shuningdek, xorijiy sarmoyalarni jalb etish imkoniyatlarida namoyon bo'lmoqda.

Energiya resurslarini liberalizatsiya qilish

O'zbekiston Yevropa uchun tobora qiziqarli bo'lib borayotgan bozor va bu iqtisodiy islohotlarning barchasi doimiy ravishda investitsiyalar oqimini talab qiladi. Shu bois yaqin besh yil davomida zarur bo'lgan 120 milliard dollar, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy sarmoyani jalb etish bo'yicha zudlik bilan harakat qilish muhim. O'zbekiston xususiy sarmoyalarni tez jalb etish maqsadida energetika va tabiiy gaz bozorlarini erkinlashtirish niyatida. Bundan tashqari, respublika barcha kapital bozorlarini zudlik bilan isloh qilishni, besh yil ichida hajmlarni 200 million dollardan 7 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda.

O'zbekiston Bryussel uchun orzu qilingan hamkorga aylanib bormoqda. Yevropa Ittifoqi yaqinda Oʻzbekistonning 2021-yil aprel oyida GSP+ (YeIning umumiy imtiyozlar tizimi, bir tomonlama tartibda aksariyat tovarlarga bojsiz kirish imkonini beruvchi)ga qoʻshilishini olqishladi va natijada respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi muvaffaqiyatini koʻrib chiqdi.

Yevropa mamlakatlari uchun ta'minot manbalari

Yevropa zudlik bilan ta'minot manbalarini diversifikatsiya qilishi va bu borada Markaziy Osiyoga e'tiborini qaratishi kerak. O'zbekiston ulushiga 1200 milliard kub metr gaz to'g'ri keladi, bu jahon qazib olishning deyarli 1 foizini tashkil qiladi. Bu ko'rsatkich faqat ortib boradi va iste'moli kam bo'lgan Toshkent eksport salohiyatini bosqichma-bosqich oshirishi mumkin.

Har yili mamlakatda qariyb 60 milliard kubometr qazib olinadi, shundan 10-12 milliardi eksport qilinadi. Hozirgi bosqichda bu mamlakat uchun taxminan 2 milliard dollar daromadni tashkil etadi. Investitsiyalar va xalqaro yordam bilan bu ko'rsatkich jiddiy ravishda oshishi mumkin.

Fransiya bilan muloqot

O'zbekiston va Fransiya o'rtasida diplomatik aloqalar 1992-yildan beri mavjud, biroq bu davlatni aslida Yevropa va xususan, Fransiya juda kam taniydi. Parij va Toshkent o'rtasidagi siyosiy muloqotga o'ttiz yil to'ldi, aloqalar tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda ushbu muloqotning mazmuni Yevropa Ittifoqi bilan energetika aloqalarini rivojlantirish tomon siljishi kerak, bu endi Rossiya gaziga katta bog'liq bo'lmasligi mumkin, ayniqsa Ukrainadagi inqiroz va Rossiyaga qarshi sanksiyalar davom etsa.

O'zbekiston pandemiya bilan bog'liq global inqirozga muvaffaqiyatli qarshilik ko'rsatgan davlatdir. U foydali qazilmalarga, energiya manbalariga boy va sanoatlashgan. Bundan tashqari, mamlakat Ipak yo'lining bir qismidir. Yevropa bularning barchasini yaxshi tushunadi. Xosep Borel boshchiligida 2021-yil 16-noyabr kuni Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasida bo'lib o'tgan Hamkorlik kengashi yakunlari bo'yicha ushbu munosabatlarni rivojlantirish rejalari belgilab olindi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik yakunlarini sarhisob qildilar va iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.